«Muhtasham yuz yil» seriali haqida qiziqarli faktlar

Foto: Serialdan tasvir
Mohinur Rajabova
4 Daqiqa o‘qish

«Muhtasham yuz yil» seriali nafaqat Turkiyada, balki dunyo miqyosida eng ko‘p muhokama qilingan tarixiy loyihalardan biri hisoblanadi. Usmoniylar imperiyasining XVI asrdagi siyosiy hayoti, saroy ichki kurashlari va shaxsiy dramalarini yoritgan ushbu serial ortida ko‘plab noma’lum va kam tilga olinadigan faktlar mavjud.

Xarajatlar va texnik tayyorgarlik

Serial Turkiya televideniyesi tarixidagi eng qimmat loyihalardan biri bo‘lgan. Turli manbalarga ko‘ra, suratga olish ishlari uchun taxminan 130 million turk lirasi sarflangan. Bu ko‘rsatkich uni o‘z davrining eng yirik teleloyihasiga aylantirgan. Sahna bezaklari ham alohida e’tiborga loyiq bo‘lib, Istanbulda maxsus 2100 kvadrat metr maydonda barpo etilgan dekoratsiyalar XVI asr Usmoniy me’morchiligi asosida yaratilgan. Jarayonda 30 nafardan ortiq rassom va haykaltarosh ishtirok etib, saroy muhitini imkon qadar real ko‘rsatishga harakat qilingan.

Foto: Serialdan tasvir

Biroq serial kostyumlari tarixiy aniqlik borasida bahslarga sabab bo‘lgan. Mashhur turk dizayneri Zuhal Yorgancio‘g‘lu ayollar liboslari Usmoniylar davriga emas, balki XIX asr fransuz modasiga yaqinligini tanqid qilgan. Uning ta’kidlashicha, real tarixda saroy ayollari keng shimli kaftanlar va tilla ipakdan tikilgan liboslar kiygan, serialda esa belni qattiq siqib turuvchi va ochiq dizayndagi liboslar ustunlik qilgan.

Sirli hodisalar

Serial tarixida sirli hodisalar ham uchragan. 2012-yilda suratga olish studiyasiga beshta Mercedes avtomobili va o‘n nafar xavfsizlik xodimi hamrohligida noma’lum mehmonlar tashrif buyurgani OAVda katta qiziqish uyg‘otgan. Keyinchalik bu mehmonlar Birlashgan Arab Amirliklari qirollik oilasiga yaqin shaxslar bo‘lgani aytilgan, biroq tashrif tafsilotlari rasman oshkor qilinmagan.

Foto: You Tube

Siyosiy darajada e’tibor

«Muhtasham yuz yil» Turkiyaning o‘zida ham keskin bahslarga sabab bo‘lgan. Serial Sulton Sulaymon siymosini noto‘g‘ri va hurmatsiz talqin qilganlikda ayblangan. Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an ochiq chiqishlarida serial tarixiy haqiqatga zid ekanini aytib, Sulton Sulaymon hayoti saroy ichidagi sahnalar bilan cheklanmaganini ta’kidlagan. Ushbu bayonotlar ortidan serial ijodkorlariga nisbatan sud choralari ko‘rish talablari ham yangragan.

Jamoatchilik noroziligi kuchayganidan so‘ng, Turkiya radio va televideniye nazorat kengashi serialga 70 mingdan ortiq shikoyat kelib tushganini ma’lum qilgan. Natijada ikkinchi qismdan boshlab ayrim sahnalar, jumladan o‘pishish epizodlari montaj orqali olib tashlangan.

Serialning xalqaro obrusi

Serial xalqaro miqyosda ham bahsli rezonansga sabab bo‘lgan. Xususan, 2020-yilda Xitoyning Shinjon hududida ayrim uyg‘ur fuqarolari ushbu serialni tomosha qilgani uchun ta’qibga uchragani haqida xabarlar tarqalgan. Rasmiy Pekin bu serial mintaqada mustaqillik kayfiyatini kuchaytirishi mumkin, degan xavotir bildirgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Serial dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq mamlakatda namoyish etilib, yuz millionlab tomoshabinlarni ekran qarshisiga jamlagan. Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida ham loyiha katta mashhurlikka erishgan. Chilida «El Sultán» nomi bilan efirga uzatilgan serial prim-taymda eng ko‘p tomosha qilingan dasturlardan biriga aylangan.

Hurram Sulton obraziga nega o‘rgartirish kiritgan

Aktyorlar hayoti ham serial bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib ketgan. Hurram Sultan rolini ijro etgan Meryem Uzerli uchinchi mavsum davomida kuchli ruhiy bosim sabab Germaniyada davolanishga majbur bo‘lgan. Uning ketishi syujetga keskin burilish kiritib, voqealar rivojiga 15 yillik vaqt o‘tishi qo‘shilgan. Keyinchalik Hurram obrazini Vahide Perchin davom ettirgan.

Qaynoq24.uz Katrina Kaif haqida 5 ta noodatiy faktni yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.