Namangan viloyati Pop tumanida hokim yordamchisi va kadastr xodimining noqonuniy harakatlari fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pop tumani hokimining mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi yordamchisi 1988-yilda tug‘ilgan fuqaroga 49 yil muddatga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ajratilgan 30 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Shuningdek, ushbu yerning 6 sotix qismida qurilgan uy-joy uchun kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi oldindan 1000 dollarni 1990-yilda tug‘ilgan tanishi orqali olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yana bir holatda Davlat kadastrlari palatasining Pop tuman filiali xodimi davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydoni va undagi uy-joyni mansabdor tanishlari orqali fuqaro nomiga shaxsiy mulk sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 900 dollar va 4,8 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan. Ushbu holat Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan aniqlangan.
Mazkur kadastr xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ishlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Farg‘ona viloyatida 835,7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlangani haqida yozgan edi.

