Nigeriyaning Niger shtatida qurolli guruh St Mary’s katolik maktabiga hujum qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar bermoqda.
Hujum juma kuni bo‘lib, unda 303 nafar o‘quvchi va 12 nafar o‘qituvchi o‘g‘irlab ketilgan. Bu ma’lumotni Niger shtati Xristianlar assotsiatsiyasi tasdiqladi.
Dastlab 215 bola yo‘qolgani aytilgandi. Raqam keyinroq o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng yangilandi. Buni assotsiatsiya raisi Bulus Dauwa Yohanna ma’lum qildi. U maktabga hujumdan keyin borganini aytdi.
Bir necha kun oldin Kebbi shtatida ham o‘xshash voqea bo‘lgandi. Ertalab qurolli guruh 25 nafar maktab qizini o‘g‘irlab ketgan. Ulardan biri qochishga muvaffaq bo‘lgan. Qolgan 24 nafari hanuz topilmagan.
Hozircha ikki hujum uchun hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Rasmiylar maxsus taktik guruhlarni yuborganini bildirdi. Qutqaruv ishlariga mahalliy ovchilar ham jalb qilingan.
St Mary’s rasmiy ravishda o‘rta maktab hisoblanadi. Ammo sun’iy yo‘ldosh tasvirlari uning yonidagi boshlang‘ich maktab bilan bir majmuada ekanini ko‘rsatdi. Hududda ellikdan ortiq bino bor. Ularning orasida sinfxonalar va yotoqxonalar ham bor.
Papiri shaharchasida joylashgan maktab Yelwa va Mokwa yo‘lini bog‘lovchi katta yo‘lga yaqin. Hujum payti ota-onalar bolalarini topish uchun maktabga yugurib borgan. Shaharchada vahima yuzaga kelgan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Pokistonda zavoddagi portlashda kamida 15 ishchini halok qilgani haqida yozgan edi.

