Nigeriyada o‘g‘irlab ketilgan yana 130 nafar maktab o‘quvchisi ozod etildi. Bu haqda mamlakat rasmiylari ma’lum qildi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, markaziy hududda joylashgan Niger Statedagi Papiri qishlog‘ida joylashgan St Mary’s Catholic Schooldan o‘g‘irlab ketilgan qolgan 130 nafar bola va xodimlar ham qutqarilgan.
Nigeriya federal hukumati ushbu ozodlikni mamlakat tarixidagi eng yirik ommaviy o‘g‘irlashlardan biridan keyingi g‘alaba va yengillik lahzasi deb atadi. 21-noyabr kuni mazkur katolik internat maktabidan 250 nafardan ortiq bola va xodimlar o‘g‘irlab ketilgan edi. Avvalroq, dekabr boshida, qariyb 100 nafar o‘quvchi ozod qilingani xabar qilingan.
Nigeriya rahbari matbuot kotibi Bayo Onanuganing ma’lum qilishicha, hozirga qadar ozod etilganlar soni 230 nafarga yetgan. O‘g‘irlashdan keyin aniq nechta shaxs asirga olingani va ularning nechasi qolganini aniqlash qiyin bo‘lgani ham qayd etildi.
Hozircha hukumat bolalar qanday sharoitda va qaysi yo‘l bilan ozod qilingani, shuningdek, tovon puli to‘langan-to‘lanmagani haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Rasmiy bayonotda e’lon qilingan suratlarda o‘quvchilarning kulib, qo‘l silkitib turgani aks etgan. Ular yaqin kunlarda shtat markazi Minna shahriga yetib borishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Nigeriyada 300 dan ortiq o‘quvchi o‘g‘irlab ketilgani haqida yozgan edi.

