19-oktabr kuni Nyu-Yorkdagi Isroil konsulligi atrofida minglab yahudiylar harbiy xizmat majburiyatlariga qarshi norozilik namoyishini o‘tkazdi. Bu haqda New York Post xabar bermoqda.
Ular Isroilda diniy talabalarga berilgan harbiy xizmatdan ozodlik imtiyozining bekor qilinishiga qarshi chiqishgan.
Namoyish BMT qarorgohi yaqinidagi konsullik binosi oldida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda AQSh va Kanadadagi markaziy ravvinlar kongressi ham ishtirok etdi. Satmar jamoasining ikki nufuzli ravvini ham izdoshlarini mitingda qatnashishga chaqirdi.
Bu noroziliklar Isroil Oliy sudi o‘tgan yili ultra-pravoslav erkaklarni ham harbiy xizmatga jalb etish to‘g‘risida qaror chiqarganidan so‘ng kuchaygan. 1948-yildan beri amal qilib kelgan bu ozodlik huquqi endi bekor qilinishi mumkin.
Namoyishchilar majburiy harbiy xizmat ularning diniy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotir bildirishmoqda. Ayni paytda ko‘plab yahudiylar bu imtiyoz adolatsizlik ekanini ta’kidlashmoqda.
Gazodagi urush boshlanganidan beri bu masala Isroil jamiyatida yanada keskinlashgan.

