Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston maktablarida STEM fanlarini o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan loyiha uchun 100 mln dollar imtiyozli kredit ajratadi.
Loyiha doirasida mamlakat bo‘ylab 200 ta maktab yangilanadi va ularning bir qismi qo‘shni ta’lim muassasalari uchun resurs markaziga aylantiriladi. Maktablarga zamonaviy laboratoriyalar, axborot texnologiyalari infratuzilmasi, quyosh energiyasi tizimlari o‘rnatiladi, imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun esa qulay sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, butun mamlakat bo‘yicha olti yo‘nalishda STEM fan o‘qituvchilarini tayyorlash, fanlararo ta’limni rivojlantirish va qizlarni texnik kasblarga jalb etish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib boriladi.
Bu loyiha O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga mos keladi va OTBning raqamli transformatsiya, gender tengligi hamda iqlim barqarorligi bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
OTB vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya ta’kidlashicha, STEM ta’limini kuchaytirish O‘zbekistonga yanada inklyuziv, barqaror va raqobatbardosh kelajak yaratishga yordam beradi.

