O‘zbekiston va Italiya atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda. Bu haqda “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik direktori Azim Ahmadxo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Italiya Respublikasining Genuya shahrida bo‘ldi. 20-oktabr kuni Ansaldo Energia xoldingi va uning sho‘ba korxonasi — Ansaldo Nucleare rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi loyihasida italiyalik mutaxassislarni texnik maslahatchi sifatida jalb etish, texnologik yechimlarni O‘zbekiston iqlim sharoitiga moslashtirish hamda yordamchi tizimlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Italiya tomoni AESlar uchun xavfsizlik tizimlarini yaratish, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, uskunalarni yetkazib berish va yadro yoqilg‘isi bilan ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega ekanini ta’kidladi. Ular Xitoy, Belgiya, Sloveniya, Vengriya va Ukraina kabi mamlakatlarda ham AESlar qurilishi va texnik xizmat ko‘rsatishda faol ishtirok etgan.
Shuningdek, tomonlar radioaktiv chiqindilarni boshqarish, milliy normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qilishni muhokama qildi. Italiya tomoni qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.
Qaynoq24.uz nashri OTB O‘zbekistonga ta’lim tizimini rivojlantirish uchun 100 mln dollar ajratishi haqida yozgan edi.

