O‘zbekiston fuqarolari uchun maosh bankini tanlash huquqi joriy etiladi. Bu haqda prezident qarorida qayd etildi.
Qaror doirasida 2025—2026-yillarda moliyaviy texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi. Shunga muvofiq, chakana bank xizmatlari va to‘lovlar bozorida raqobatni kuchaytirish maqsadida, foydalanuvchilarga bank kartasini ochishda tanlov imkoniyati yaratiladi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 2025-yil dekabriga qadar mazkur chora-tadbirlarni ishlab chiqishi, 2026-yil iyunidan esa Markaziy bank tomonidan boshqariladigan to‘lov tizimlarida ommaviy (to‘plamli) to‘lovlar funksiyasini yo‘lga qo‘yishi kerakligi belgilangan.
Shuningdek, noyabr oyida bank kartalari bo‘yicha yangi tartiblar joriy qilindi. Endilikda 14-18 yoshdagi voyaga yetmagan shaxslar mustaqil ravishda, 14 yoshgacha bo‘lganlar esa ota-onasi yoki qonuniy vakilining yozma roziligi bilan tijorat banklarida kartani ochishi mumkin.
Ushbu yangilik fuqarolarga banklar tanlovi orqali moliyaviy xizmatlardan qulayroq va erkin foydalanish imkonini beradi.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda 14–18 yoshdagi o‘smirlar endi bank kartasini mustaqil ochishi mumkinligi haqida yozgan edi.

