O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida yangi ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tuziladi

Foto: AQSh elchixonasi
Mohinur Rajabova
3 Daqiqa o‘qish

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida yangi ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tuzilishiga oid farmon imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Farmonga ko‘ra, Prezidentning 2025-yil 4–6-noyabr kunlari AQShga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida “C5+1” sammiti doirasida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Kengashga AQSh prezidenti vakili hamraislik qiladi, O‘zbekiston tomonidan esa Prezident Administratsiyasi rahbari faoliyatni muvofiqlashtiradi.

Kengash doirasida strategik biznes tashabbuslar va yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirilishini monitoring qilish hamda qo‘shimcha sarmoyalarni jalb etish ustuvor yo‘nalish etib belgilandi. Shuningdek, maxsus investitsiya fondi tuziladi va moliyalashtirish jarayoniga DFC, YTTB, XMK va OTB kabi yirik xalqaro moliya institutlari jalb qilinadi.

Kengash, shuningdek, tarif stavkalarini pasaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettiradi, IT-park rezidentlarining mahsulotlarini xorijda ilgari suradi hamda Markaziy bank valyuta zaxiralari va davlat aktivlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etiladi. U Prezident Administratsiyasi rahbariga bevosita bo‘ysunadi va ikki tomonlama investitsiya loyihalarini rivojlantirish, Kengash ishini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, bir oy ichida AQShda yangi konsulliklar ochish masalasini ishlab chiqiladi. Yangi konsulliklar Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlarida ochilishi kutilmoqda. Ularning asosiy vazifasi — o‘zbek diasporasi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘ladi.

2026-yildan boshlab O‘zbekiston rezidentlariga AQShdagi investitsion operatsiyalarni — kompaniyalar kapitalida ishtirok etish, filiallarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish va boshqa moliyaviy harakatlarni cheklovlarsiz amalga oshirish imkoniyati beriladi. Bu jarayon O‘zbekiston banklari orqali, mavjud mablag‘lar doirasida olib boriladi.

Markaziy bank ushbu tartibni qonunchilikka kiritish bo‘yicha o‘zgartirishlarni bir oy ichida tayyorlaydi. Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda mamlakat investitsiya aktivlari tuzilmasini qayta ko‘rib chiqadi va AQShdagi eng foydali hamda yuqori likvidli aktivlarga yo‘naltirish bo‘yicha takliflar beradi.

Yangi tashkil etilayotgan Kengashning ijro organi AQSh hududida joylashadi. O‘zbekiston va Amerika mutaxassislaridan iborat doimiy shtat shakllantiriladi. Kengash tarkibi ham ikki tomonning nufuzli biznes vakillari ishtirokida tasdiqlanadi. Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasida investitsiyalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.

Qaynoq24.uz nashri O‘zbekistonda “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti ta’sis etilgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.