O‘zbekistonda 14–18 yoshdagi o‘smirlar endi bank kartasini mustaqil ochishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. Vazirlik “O‘zbekiston hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari”ga o‘zgartirishlar kiritilgan buyruqni ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Yangi hujjatga ko‘ra, bank kartalarining bir nechta yangi toifalari joriy etildi:
- Biznes bank kartasi – yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish imkonini beradi.
- Ijtimoiy bank kartasi – pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlardan tushgan mablag‘larni boshqarishga mo‘ljallangan.
Shuningdek, oldindan emissiya qilinadigan shaxsiy bank kartalarini chiqarish tartibi tasdiqlandi. Bunday kartalarni mobil ilova orqali foydalanuvchini identifikatsiya qilgan holda mustaqil faollashtirish mumkin bo‘ladi.
14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa ota-onasidan biri yoki qonuniy vakilining yozma roziligi bilan kartaga ega bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, yangilangan tartib korxona va tashkilotlar uchun ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha to‘lovlarni korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish imkonini yaratadi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish bo‘yicha yangi standart tasdiqlangani haqida yozgan edi.

