Adliya vazirligi rieltorlik xizmatlariga oid yangi “Ko‘chmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish” bo‘yicha 4-son Rieltorlik xizmatlarining milliy standartini tasdiqladi. Hujjat 11-noyabr kuni 3701-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yangi tartibga ko‘ra, rieltorlik tashkilotlari mulkdor manfaatlarini hisobga olgan holda ko‘chmas mulk obyektini boshqarish, uni ijaraga berish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, daromad va xarajatlarni yuritish kabi xizmatlarni professional asosda bajaradi.
Standartda quyidagi asosiy mezonlar belgilangan:
- ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarishning tashkiliy jihatlari;
- boshqaruvchi va mulkdor o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar;
- ishonchli boshqarish shartnomasini tuzish tartibi;
- boshqaruv jarayonining shaffofligi va samaradorligini ta’minlash talablari.
Mazkur milliy standart jismoniy va yuridik shaxslar uchun ko‘chmas mulkdan samarali foydalanish, doimiy daromad olish va mulk qiymatini oshirish imkoniyatini yaratadi.
Qaynoq24.uz nashri Toshkentda chiqindilarni yig‘ish jarayoniga GPS nazorat joriy qilingani haqida yozgan edi.

