O‘zbekistonda qurilishda nazorat va monitoring mexanizmlari kuchaytiriladi. Bu haqda Prezident farmonida qayd etildi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab qurilish jarayonlarida nazoratni kuchaytirishga qaratilgan bir qator yangi tartiblar joriy etiladi.
Yangi talablarga ko‘ra, milliy normativ hujjatlarga nomutanosib bo‘lgan qismlar uchun ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari endilikda faqat “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi. Bu tartib loyiha hujjatlari bo‘yicha yagona mas’uliyat va sifat nazoratini ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, obyektlarning zilzilabardoshligiga oid ilmiy xulosalar va smetadan tashqari bo‘lgan shaharsozlik ekspertizasi xulosalarini tavsiyaviy tarzda berish amaliyoti to‘xtatiladi. Endi salbiy xulosa berilgan taqdirda, bu loyiha tashkilotining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reytingiga bevosita ta’sir qiladi va ballarning kamayishiga olib keladi.
Farmonda yana bir muhim band — qurilishi boshlangan ko‘p qavatli uy-joylarga qo‘shimcha qavat qo‘shish yoki bino balandligini oshirish uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, ularni arxitektura kengashlarida ko‘rib chiqish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish qat’iyan taqiqlanadi.
Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi har yili noqonuniy qurilmalarni buzdirish uchun belgilangan ish narxlarini alohida tasdiqlab boradi.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda binolar zilzila bardoshligini ta’minlash bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilishi haqida yozgan edi.

