Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil oktyabr holatiga yillik inflyatsiya darajasi 7,8 foizni tashkil etdi. Bu so‘nggi yillarda qayd etilgan eng past ko‘rsatkichlardan biridir.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu oyida inflyatsiya 10,2 foiz bo‘lgan edi. Shunday qilib, bir yil davomida inflyatsiya 2,4 foiz punktga kamaydi.
Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oktyabr oyida inflyatsiya 0,6 foizni tashkil etdi, bu esa sentabr oyidagi darajadan o‘zgarishsiz qoldi. O‘tgan yilning shu davrida mazkur ko‘rsatkich 0,8 foiz bo‘lgan.
Yil boshidan buyon narxlar o‘sishi 5,7 foizni tashkil etdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 2 foiz punktga past natija.
Oktyabr oyida mahsulotlar narxi 0,9 foizga, xizmatlar esa 0,4 foizga oshdi. Yil boshidan buyon oziq-ovqat mahsulotlari 5,9 foizga, sanoat tovarlari 5,8 foizga, xizmatlar esa 14,4 foizga qimmatlashgan.
Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Andijon viloyatida — 0,9 foiz, eng past ko‘rsatkich esa Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘istonda — 0,5 foiz bo‘ldi.
Yillik hisobda esa narxlarning eng katta o‘sishi Farg‘ona viloyatida (8,6 foiz), eng past darajasi esa Jizzax viloyatida (7,1 foiz) qayd etildi.

