2025-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarzi 37,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan. Shu bilan birga, xo‘jalik subyektlari va banklar tomonidan xorijdan jalb qilingan korporativ kredit va qarzlar qoldig‘i 38 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yil 9 oy yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan rasmiy hisobotida ma’lum qilindi.
Xususan, eksportning importga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi hamda xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi joriy operatsiyalar hisobi holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Natijada, 2025-yilning 9 oyi yakunida joriy operatsiyalar hisobi 207,3 mln dollar manfiy saldo bilan shakllangan. Taqqoslash uchun, 2024-yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 3,1 mlrd dollar manfiy bo‘lgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi moliyaviy hisob orqali, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, portfel investitsiyalar va boshqa moliyaviy mablag‘lar hisobiga moliyalashtirilgan. 2025-yilning 9 oyida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobarga o‘sib, 2,9 mlrd dollarga yetgan.
Portfel investitsiyalari asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga 2,2 barobarga oshib, 3,8 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Shu omillar natijasida moliyaviy hisob manfiy saldosi 955,8 mln dollar shakllangan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va xalqaro reyting agentliklari baholariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarz yuklamasi o‘rtacha darajada bo‘lib, u makroiqtisodiy barqarorlik uchun jiddiy xavf tug‘dirmaydi.
Qaynoq24.uz Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida yozgan edi.

