Polsha Belarus bilan chegarada ikkinchi to‘siq qurilishini boshladi. Ishlar “Podlyaskie” hududida olib borilmoqda.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, qurilish materiallari allaqachon chegaraga yetkazilgan.
Yangi to‘siq balandligi to‘rt metr bo‘lgan metall panjaradan iborat bo‘ladi. U mavjud asosiy konstruksiya yonidan o‘tuvchi yo‘l bo‘ylab quriladi. Shuningdek, panjara yoniga ikkita qator simto‘siq ham o‘rnatiladi.
Bu to‘siq asosiy besh metrlik devordan o‘tib ketishga ulgurgan migrantlarni to‘xtatishga xizmat qiladi. Chegara qo‘riqchilari uchun hibsga olish va tezkor choralar ko‘rish jarayonini osonlashtiradi.

Ikkinchi mudofaa chizig‘i yaqin kunlarda o‘rnatila boshlaydi. Ishlarni muhandislik bo‘linmalari amalga oshiradi. Qurilish yanvar oxirigacha tugashi rejalashtirilgan. To‘liq tizim bahor boshida foydalanishga topshiriladi.
Joriy yil boshidan 11 noyabrgacha “Podlyaskie” hududida noqonuniy ravishda chegarani kesib o‘tgan 1428 kishi qo‘lga olingan. O‘tgan yili shu davrda bunday holatlar 5015 tani tashkil etgan.
Polsha Belarus chegarasidagi birinchi to‘siq 2021-yildagi migratsiya inqirozidan so‘ng qurilgan edi. Metall konstruksiya uzunligi 186 kilometr va balandligi 5,5 metr bo‘lib, uning yarim metri simto‘siqdan iborat. U kameralar, harakat datchiklari va termal kuzatuv tizimlari bilan jihozlangan. Keyinchalik qo‘shimcha xavfsizlik choralari bilan mustahkamlangan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Venesuelada harbiy safarbarlik joriy etilgani haqida yozgan edi.

