Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan qariyb 32 kg narkotik modda ashyoviy dalil sifatida olindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Qo‘qon shahrida 1984-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, oshxona qismidan 4 kilogramm 572 gramm opiy va 1 kilogramm 58 gramm gashish aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, unga Tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan WhatsApp orqali yuborilgan geolokatsiya asosida Dang‘ara tumani hududiga yashirib ketilgan 9 kilogramm 980 gramm opiy ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergov jarayonida ushbu shaxsga giyohvandlik vositalarini qayta ishlab, iste’molga tayyor holatga keltirishda yordam bergan, 1969-yilda tug‘ilgan Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro xonadonida noqonuniy narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlandi. U yerdan ham 7 kilogramm 226 gramm opiy musodara qilindi.
Yana bir holatda Qo‘qon shahrida “Lacetti” rusumli avtomobil to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda 1980-yilda tug‘ilgan haydovchi tomonidan avval 34 ming AQSh dollariga xarid qilingan 5 kilogramm 22 gramm opiy borligi ma’lum bo‘ldi. Tadbir davomida narkotikni sotgan 1985-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro va uning jinoiy sherigi bo‘lgan Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi. Shuningdek, Tojikistonlik shaxsning Toshkent tumani hududidagi xonadonidan 2 kilogramm 362 gramm opiy topildi.

Qo‘qonda qayd etilgan yana bir holatda “Neksiya” rusumli avtomashina to‘xtatilib, undagi yo‘lovchiga tegishli sumkadan 982 gramm gashish aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu narkotik modda avval Tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan Qo‘qon hududida yashirib ketilgan joydan olingan.
Farg‘ona shahrida esa 2000-yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan olib kelingan 989 gramm gashishni 150 million so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.

