Qashqadaryo viloyatida tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalanish bilan bog‘liq bir nechta jiddiy qonunbuzarliklar aniqlanib, aybdor shaxslar qo‘lga olindi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida Qarshi shahri, Koson va Yakkabog‘ tumanlarida gaz tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish hamda hisoblagichsiz foydalanish holatlari qayd etildi.
Qarshi shahrida yashovchi bir fuqaro hech qanday hujjatlarsiz gaz tarmog‘iga ulanib, 22 million so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan. Koson tumanida esa xonadon egasi tom orqasidan o‘tgan tarmoqqa yashirincha ulanib, davlatga 27 million so‘m zarar yetkazgani aniqlandi. Shu tumanda yashovchi yana bir fuqaro hisoblagich o‘rnatmagan holda rezina shlang orqali tarmoqqa ulanishni amalga oshirib, 29 million so‘mlik gazni talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi.
Yakkabog‘ tumanida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyekti ham gaz tizimiga yashirin ulanish yo‘lini qo‘llab, hammom binosini isitish uchun 263 million so‘mlik gazdan ruxsatsiz foydalanib kelgani fosh etildi. Bu holat viloyatda aniqlangan eng yirik noqonuniy ulanishlardan biri sifatida qayd etildi.
Hodisalarning barchasi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.
Qaynoq24.uz Joriy yil 1801 nafar shaxsga korrupsion jinoiy ish ochilgani haqida yozgan edi.

