Qatarlik taniqli tadbirkor va bloger Xolid Al Binali O‘zbekistonning turizm brendi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda «Dunyo» agentligi xabar berdi.
Tayinlov Qatar Travel Mart 2025 ko‘rgazmasida, Doha shahrida bo‘lib o‘tdi. Marosim Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil qilindi va forumning asosiy voqealaridan biri bo‘ldi. Tadbirga Qatar Businessmen Association raisi va Al Faisal Holding asoschisi bo‘lgan shayx Faysal bin Qosim Ol Tani faxriy mehmon sifatida tashrif buyurdi.
Bloger haqida qisqacha
Uning ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyasi taxminan 5 million kishini tashkil qiladi. Shu bois u Fors ko‘rfazi mintaqasida eng faol va eng yaxshi tanilgan blogerlar qatoriga kiradi. Al Binali muntazam ravishda Qatar va xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi madaniy ko‘priklarni mustahkamlashga qaratilgan kontentlar yaratib boradi.
U o‘z sahifalarida ko‘plab davlatlarning turizm imkoniyatlari, sport tadbirlari, yirik forumlar, xalqaro ko‘rgazmalar haqida materiallar e’lon qiladi. Bu orqali mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni mashhur qilish va turistik oqimni oshirishga hissa qo‘shadi.
Xolid Al Binali Qatar ichki biznes doiralari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. U tadbirkorlik loyihalarida ishtirok etadi, xayriya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi va yosh auditoriya orasida ijobiy imijga ega.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Toshkent Osiyodagi 2026-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi manzillar ro‘yxatiga kirgani haqida yozgan edi.

