Qirg‘iziston rahbarining ta’kidlashicha, zarurat tug‘ilgan taqdirda Qirg‘iziston butun tashqi qarzni bir kun ichida qoplash imkoniyatiga ega. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Jogorku Keneshda so‘zlagan nutqida ma’lum qildi. Biroq bunday qadam iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas.
Sadir Japarov so‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiyoti barqaror o‘sayotganini va tashqi qarz darajasi sezilarli darajada kamayganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020-yilda tashqi qarz yalpi ichki mahsulotning 54 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich qariyb 25 foizga tushgan.
«Iqtisodiyot uchun hech qanday xavf yo‘q. Biz tashqi qarzni bir kunda to‘lay olamiz, ammo bu foydasiz. Foiz stavkalari yuqori, jarimalar mavjud. 2035-yilga borib esa avval olingan kreditlarni muammosiz yopamiz», — dedi prezident.
Shuningdek, davlat rahbari Qirg‘izistonning oltin-valyuta zaxiralari 8,5 milliard dollardan oshganini bildirdi. Taqqoslash uchun, besh yil avval bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan sal ko‘proq bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonning umumiy davlat qarzi 8,6 milliard dollarni tashkil etadi. Shundan 5,2 milliard dollari tashqi qarzlarga to‘g‘ri keladi.
Qaynoq24.uz Qirg‘izistonda kuchli qor yog‘ishi kuzatilgani haqida yozgan edi.

