Qoraqalpog‘istonda Soliq boshqarmasining ikki nafar bosh inspektori tadbirkorga bosim o‘tkazganlikda gumonlanmoqda. Ma’lum qilinishicha, ular Nukus shahrida oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJ faoliyatini tekshirish jarayonida go‘yoki 213 million so‘mlik soliq qonunchiligi buzilganini aytib, ushbu summani 34 million so‘mgacha kamaytirish evaziga 2 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda inspektorlar poraning bir qismi — 700 dollar va 15 million so‘mni vositachi orqali olayotgan vaqtida ushlandi. Vositachi sifatida sobiq soliq organi xodimi harakat qilgani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan uchala shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Rossiyadan olib kelingan 2,3 kg narkotik moddalar qo‘lga olingani haqida yozgan edi.

