Qirg‘izistondan olib kirilgan giyohvand moddalar qo‘lga olindi. Bu haqda “Xavfsizlik” telegram kanalida ma’lum qilindi.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, “Andijon – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lacetti” rusumli avtomobil YPX posti hududida to‘xtatilib tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv vaqtida avtomobil haydovchisi — Andijon shahrida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan J.R.dan 2 kg 994 gramm gashish moddasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi hisoblangan, 1993-yilda tug‘ilgan G‘.N. ham qo‘lga olingan.


O‘tkazilgan surishtiruvlarga ko‘ra, ushbu shaxslar giyohvand moddani Qirg‘iziston Respublikasidagi narkosavdogarlardan 23 ming AQSh dollariga sotib olib, kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib kirgan va Toshkent shahrida sotmoqchi bo‘lgan.
Holat yuzasidan ular haqida Jinoyat kodeksining 28,246-modda 2-qismi (kontrabanda), 25,273-modda 5-qismi (giyohvand moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz tadbirkorning tovarini talon-toroj qilgan ombor mudiri qo‘lga olingani haqida yozgan edi.

