Qarag‘andi viloyatidagi tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi olimlari Aqtog‘ay tumanidagi Karabiye qabristoni hududida noyob topilmani aniqladi. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda. Unga ko‘ra, Qozog‘istonda 2,5 ming yillik sak jangchisining qabri topilgan.
Qabr aylanma shakldagi toshli tepalikdan iborat bo‘lgan. Tadqiqotchilar tosh plitalarni ochgach, orqasi bilan yotqizilgan, boshi shimoli-g‘arbga qaratilgan erkak jangchining suyaklarini ko‘rdi. Ekspeditsiya rahbari, Qarag‘andi viloyati tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi arxeologiya bo‘limi boshlig‘i Dauren Jusupovning aytishicha, qabrning butunligicha saqlangani katta noyoblik sanaladi.

«Bir oy davom etgan ekspeditsiya davomida oddiy sak davri qoldiqlarini topamiz deb o‘ylaganmiz. Lekin ko‘rilgan qabr asl holida saqlangani juda kam uchraydigan hol. Bu bizga ikki ming yildan ortiq avvalgi dafn marosimini asl ko‘rinishida ko‘rish imkonini berdi», — degan u.
Topilmalar orasida eng qimmatli buyum ikki tig‘li metall akіnak bo‘ldi. Uning dastasi arhar shoxi va yirtqich qush tasvirlari bilan bezatilgan. Bu turdagi qurol ilk bor Markaziy Qozog‘istonda topilmoqda.

Jangchining oyoq qismidan beshta metall o‘q uchlari ham aniqlandi. Ularning shakli mashhur “Oltin odam” qabridan topilgan o‘qlar bilan o‘xshash. Bosh sohasi yaqinidan esa temir asosli, usti ingichka oltin folga bilan qoplangan marjonli sirg‘a topildi.
So‘nggi yillarda Qozog‘iston hududidan sak davriga oid qator noyob topilmalar topilmoqda. 2023-yilda Karqaralinsk tumanidan bronza aкіnak, 2024-yilda Taldin tarixiy-arxeologik parkidan qonni oqizish uchun maxsus chuqurchaga ega temir qilich aniqlangan edi.

Arxeologlar har bir topilma mintaqaning qadimiy hunarmandchilik, san’at va harbiy madaniyat markazi bo‘lganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Qaynoq24.uz nashri dunyodagi eng katta o‘rgimchak to‘ri topilgani haqida yozgan edi.

