Qozog‘iston hukumati prank videolarni tartibga solish yoki taqiqlash bo‘yicha muhokama boshladi. Bu haqda mahalliy NUR.kz nashri xabar bermoqda. Mamlakat Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva Senat yig‘ilishida jurnalistlarga shu haqda ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, ko‘plab pranklar odamning roziligisiz suratga olinadi. Shu sababli vazirlik yangi ishchi guruh tuzmoqda. Guruh pranklarni qanday suratga olish mumkinligi, kimni ruxsatsiz tasvirga olish mumkin emasligi va umumiy tartib-qoidalarni ishlab chiqadi.
Balayeva bu borada jamoatchilik fikri muhimligini ta’kidladi.
“Fuqarolar shikoyat yubormoqda Ko‘chalarda, jamoat joylarida tinchgina yurib bo‘lmayapti”, — degan vazir.
U, shuningdek, pranklarni tartibga solish tashabbusi amaldorlarni himoya qilish uchun qilinayotgani haqidagi gaplarni rad etdi. Vazir amaldorlar allaqachon kameralar ostida yashashga o‘rganganini, bu masala esa keng jamoatchilik xavfsizligiga tegishli ekanini aytdi.
So‘nggi paytda Qozog‘istonda pranklar bilan bog‘liq bir necha mojaro kuzatildi. Astanada bloger lift ichida odamlar tomon o‘yinchoq to‘pponcha yo‘naltirib, ularning reaksiyasini videoga olgani uchun 15 sutkaga qamoqqa olingan edi. Yana bir blogger supurgichi bilan ishlayotgan ayolni prank orqali yig‘latib qo‘ygani uchun keskin tanqid qilindi. Huquqshunoslar bunday videolarni mayda bezorilik sifatida baholash mumkinligini aytmoqda.
Hukumat endi prank kontentini tartibga solish bo‘yicha aniq takliflarni ishchi guruh doirasida muhokama qiladi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Qozog‘istonda ayollar uchun ish haftasini qisqartirish taklif qilingani haqida yozgan edi.
Deputat Ajar Sag‘andikova ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘istonda ayollar kuniga o‘rtacha 480 daqiqa ishda, yana 246 daqiqa uy yumushlari va qarindoshlarga qarashga sarflaydi. Bu jami 13 soatlik yuklama degani.
Deputat ayollarning ikki karra mehnat qilayotgani, bolalar, qariyalar va bemorlarga g‘amxo‘rlik deyarli to‘liq ayollar zimmasida ekanini ta’kidladi. Bu esa surunkali charchoq, stress va sog‘liq xavflarini kuchaytiradi. Ularning aytishicha, mehnat bozorida ayollar o‘rtacha 15 foiz kam maosh olgani uchun iqtisodiy zaiflik ham ortmoqda.

