Qozog‘istonning Kaspiy dengizi sohilida 112 ta o‘lik tyulen jasadi aniqlangan. Bu haqda Mang‘istau viloyati ekologiya departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tupqaragan tumani hududida — Asan aholi punkti va Bautino burni oralig‘ida olib borilgan monitoring natijasida hayvonlarning jasadlari topilgan. Hodisadan so‘ng ekologlar Fort-Shevchenko va Bautino atrofidagi suv namunalarini olib, hayvonlarning nobud bo‘lish sabablarini aniqlash ishlarini boshlagan.

Departament vakillarining ta’kidlashicha, tahlil natijalari tayyor bo‘lmaguncha aniq sabablar haqida gapirish qiyin, ammo hodisa miqyosi jiddiy deb baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil kuzida ham Kaspiy sohilida o‘xshash holat qayd etilgan edi — 420 ta o‘lik tyulen topilgan. O‘sha paytda Qozog‘istonning Gidrobiologiya va ekologiya instituti mutaxassislari bu kabi holatlar asosan tyulenlarning shimoliy Kaspiyga ko‘chish davrida, ya’ni kuz oylarida kuzatilishini bildirgan edi.
Hozircha ekologlar hodisani o‘rganish va suv namunalarini tahlil qilishni davom ettirmoqda.

