Qurilish chiqindilarini qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimi joriy etiladi. Bu haqda Huquqiy axborot kanalida xabar berildi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan boshlab buyurtmachilar va ishlab chiqaruvchilarga yangi majburiyat yuklanadi. Unga ko‘ra, xavfli deb topilgan va muomaladan chiqarilishi shart bo‘lgan qurilish materiallari maxsus qayta ishlovchi korxonalarga yoki chiqindi poligonlariga shartnoma asosida yuborilishi kerak.
Shuningdek, Qurilish nazorati inspeksiyasi hamda Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasi tomonidan beriladigan majburiy ko‘rsatmalar Ekologiya qo‘mitasining Situatsion markaziga integratsiya qilinadi.
2026-yil 1-iyundan esa qurilish chiqindilarini takroriy foydalanish, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Endilikda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda qurilish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilar hajmini va ularni to‘plash joylarini ko‘rsatish majburiy bo‘ladi. Shuningdek, ular bilan bog‘liq ishlarni bajarish bo‘yicha loyiha yechimlari ham kiritilishi kerak.
Qurilish chiqindilarining havoga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun buyurtmachilar amaldagi shaharlashuv me’yorlariga muvofiq chang va yoqimsiz hidlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi shart bo‘ladi.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda qurilishda nazorat va monitoring mexanizmlari kuchaytirilishi haqida yozgan edi.

