Realme kompaniyasi yangi o‘rta segment smartfoni — Realme Narzo 100 Lite 5G modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Qurilmaning asosiy texnik xususiyatlari rasmiy e’lon qilinishidan oldin internetda paydo bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 6,8 dyuymli FHD+ displey bilan jihozlanadi. Ekran yangilanish chastotasi 144 Hz bo‘ladi. Bu avvalgi Narzo 80 Lite’dagi 120 Hz ko‘rsatkichdan yuqori. Natijada interfeys yanada silliq ishlashi kutilmoqda.
Qurilma MediaTek Dimensity 6300 protsessori asosida ishlaydi. Ishlab chiqaruvchi “4 yil davomida sekinlashuvsiz ishlash”ni va’da qilmoqda, biroq bu bayonot qanday testlarga asoslangani aniq emas. Kamera tizimi oddiy darajada qolgan. Asosiy kamera 13 MP, old kamera esa 5 MP bo‘lishi kutilmoqda. Biroq smartfonning eng katta afzalliklaridan biri — 7000 mAh sig‘imli batareya hisoblanadi. U bypass charging texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni og‘ir yuklama vaqtida quvvat to‘g‘ridan-to‘g‘ri adapterning o‘zidan olinadi.
Shuningdek, model IP64 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoya qiladi. Qurilma MIL-STD-810H sertifikatiga ham ega bo‘lib, uning mustahkamligini oshiradi. Smartfon uchta xotira variantida taklif qilinadi: 4/64 GB, 4/128 GB va 6/128 GB. Ranglar orasida kumush va qora variantlar bo‘lishi kutilmoqda.
Narxiga kelsak, boshlang‘ich model Hindistonda 13 ming rupiydan arzon bo‘lishi mumkin. Eng yuqori komplektatsiya esa 15 ming rupiygacha yetadi. Rasmiy taqdimot sanasi hozircha e’lon qilinmagan.
Qaynoq24.uz yangi Realme 16 5G smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.

