Realme P4 Power 10 000 mA/soatlik batareya bilan chiqadi

Foto: Realme
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Realme kompaniyasi P-seriyasidagi yangi smartfonini shu oy oxirida taqdim etishga tayyorlanmoqda. Dastlab Flipkart’da paydo bo‘lgan tizer katta sig‘imli batareyani ko‘rsatgani sababli qurilma P5 seriyasiga tegishli bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan edi. Biroq Realme’ning mahsulot marketingi rahbari Francis Wong X ijtimoiy tarmog‘idagi post orqali bu model Realme P4 Power deb atalishini tasdiqladi.

Realme P4 Power avvalroq Hindistonning BIS sertifikatsiya bazasida RMX5107 modeli sifatida qayd etilgan. Ushbu model o‘tgan oy internetda sizib chiqqan rasmda ham ko‘ringan edi.

Foto: Realme

Smartfonning eng asosiy jihati batareyasi bo‘ldi. Kompaniya sig‘imni rasman e’lon qilmagan, ammo qurilma 10 000 mA/soatlik, ya’ni powerbank darajasidagi batareya bilan chiqishi aytilmoqda. Realme ma’lumotiga ko‘ra, bu batareya bir zaryad bilan 31 kundan ortiq kutish rejimini ta’minlashi mumkin. Zaryad 3 foizgacha tushganda ham qurilma qariyb ikki soat ishlay oladi. Oddiy foydalanishda esa smartfon kamida 1,5 kun ishlashi kutilmoqda. Qurilmaning vazni taxminan 218 gramm bo‘ladi.

Realme P4 Power 27 Vt quvvatdagi reversiv zaryadlash funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va boshqa qurilmalarni ham quvvatlantira oladi. Shuningdek, kompaniya o‘yin vaqtida barqaror kadrlar tezligi, samarali sovitish va batareya 10 foizgacha tushganda ham ishlashda keskin pasayish bo‘lmasligini va’da qilmoqda.

Foto: Realme

Oldingi ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon to‘rt tomoni egri AMOLED displeyga ega bo‘ladi. Qurilma 12 GB tezkor xotira, 14 GB virtual RAM va 256 GB doimiy xotira bilan taqdim etilishi kutilmoqda. Yangi suratlarda modelning apelsin rangli varianti ko‘rinib qoldi. Shuningdek, ko‘k rangli talqini ham bo‘lishi mumkin.

Realme P4 Power’ning rasmiy taqdimoti yanvar oyining oxiriga rejalashtirilgan. Narxi hozircha e’lon qilinmadi.

Qaynoq24.uz Realme 10 000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega smartfonini qachon taqdim etishi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.