Redmi 2026-yilda “batareya qiroli” bo‘lish niyatini yashirmayapti. Xitoyda 29-yanvar kuni taqdim etilishi kutilayotgan Redmi Turbo 5 Max modeli rekord darajadagi avtonomlik bilan ajralib turadi.
Kompaniya rasmiy tizerlariga ko‘ra, smartfon 9 000 mA/soat sig‘imli kremniy-karbon batareya bilan jihozlanadi. Bu uni oddiy smartfonlar orasida eng katta akkumulyatorga ega modellardan biriga aylantiradi. Qurilma 100 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llaydi. Bundan tashqari, 27 Vt qayta quvvat berish funksiyasi ham mavjud.

Turbo 5 Max’ga 6,83 dyuymli 1.5K aniqlikdagi LTPS OLED ekran o‘rnatilgan. Ekran yorqinligi 3 500 nitgacha yetadi. Qurilma hatto kuchli quyosh ostida ham qulay ishlatilishi ta’kidlanmoqda. Ko‘zga yuklamani kamaytirish uchun 3 840 Hz PWM xiralashtirish texnologiyasi qo‘llangan.
Smartfon yangi avlod MediaTek Dimensity 9500s protsessori bilan ishlaydi. Bu chip 2026-yilgi flagman darajasidagi unumdorlikni taklif etadi. Dastlabki testlarda AnTuTu ballari 3,6 mln’dan yuqori ekani aytilmoqda.
Korpus mustahkamligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Qurilma CNC metall ramka va shisha tolali orqa panelga ega. IP68 va IP69 darajadagi suv va changdan himoya mavjud. Bu nafaqat suvga tushish, balki kuchli bosim ostidagi suv oqimlariga ham chidamlilikni anglatadi.

Shuningdek, Turbo 5 Max tarmoq bo‘lmagan hududlarda aloqa uchun maxsus T1S signal kuchaytirgich chipiga ega. SIM-kartasiz uzoq masofaga ma’lumot uzatish imkoniyati taklif etiladi.
Manbalarga ko‘ra, Xitoydagi boshlang‘ich narx taxminan $360 atrofida bo‘lishi mumkin. Global bozorda esa model POCO brendi ostida qayta nomlanishi ehtimoli bor. Katta batareya va metall korpus qurilmani og‘irroq qilishi mumkin, biroq uzoq avtonomlik ustuvor bo‘lgan foydalanuvchilar uchun bu jiddiy kamchilik emas.
Qaynoq24.uz Redmi Turbo 5 Max smartfonining dizayni tasdiqlangani haqida yozgan edi.

