Yangi Redmi Turbo 5 seriyasi tarkibida ilk bor Redmi Turbo 5 Max modeli namoyish etiladi. Bu haqda Redmi kompaniyasi rasmiy tarzda ma’lum qildi.
Kompaniya e’loniga ko‘ra, Turbo 5 Max shu oy oxirigacha taqdim etiladi. Qurilma taxminan 2 500 yuan narxda sotuvga chiqadi. Bu qariyb 360 AQSh dollariga teng.
Rasmiy tizerlarda Turbo 5 Max yuqori unumdorlik va yaxshilangan avtonomlikka urg‘u berilgan model sifatida ko‘rsatildi. Promo materiallarda “Max” yozuvining “WIN” ko‘rinishida aks etishi kompaniyaning modelga bo‘lgan ishonchini anglatadi.
Xitoylik insayderlarga ko‘ra, Turbo seriyasi bu yil sezilarli yangilanish oladi. Smartfonlar metall ramka, katta tekis displey va yumaloq burchaklar bilan taqdim etilishi kutilmoqda. Shuningdek, yangi avlod MediaTek protsessorlari qo‘llaniladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Redmi tarixidagi eng katta sig‘imli batareya aynan Turbo 5 seriyasida bo‘lishi mumkin. Ayrim yuqori versiyalarda ultratovushli barmoq izi skaneri ham sinovdan o‘tkazilmoqda.
Turbo 5 Max asosiy talqini Dimensity 8500 protsessori bilan jihozlanishi aytilmoqda. Ushbu 4 nanometrli chip 15-yanvar kuni Xitoyda rasman namoyish etiladi. Yuqori talqin Redmi Turbo 5 Pro Max nomi bilan chiqishi va Dimensity 9500e chipiga ega bo‘lishi mumkin.
Xitoydan tashqarida esa Turbo 5 Max va Turbo 5 Pro Max modellari Poco X8 seriyasi nomi ostida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Manbalarga ko‘ra, global bozorda Poco X8 Max yoki Poco X8 Pro Max modellariga urg‘u beriladi.
Redmi Turbo 5 Max o‘rta narx segmentida yuqori unumdorlik taklif qiluvchi yangi raqobatchi sifatida baholanmoqda.
Qaynoq24.uz Redmi Note 15 5G taqdim etilgani haqida yozgan edi.

