Xiaomi’ning Redmi subbrendi yanvar oyida Redmi Turbo 5 Max seriyasini taqdim etishga hozirlik ko‘rmoqda. Rasmiy e’londan oldin Redmi’ning yangi smartfoni Geekbench bazasida qayd etildi va u hali taqdim etilmagan MediaTek protsessorida ishlayotgani aniqlandi.
Geekbench’da 2602BRT18C model raqami bilan paydo bo‘lgan qurilma Redmi Turbo 5 Pro Max bo‘lishi mumkin. Qurilma bir yadroli testda 2 656 ball, ko‘p yadroli sinovda esa 8 377 ball to‘plagan.
Benchmark ma’lumotlariga ko‘ra, smartfon 1+3+4 yadroli arxitekturaga ega protsessor bilan jihozlangan. Asosiy yadro 3,73 GHz, uchta unumdor yadro 3,30 GHz va to‘rtta samarador yadro 2,40 GHz chastotada ishlaydi. Grafik ishlov berish Immortalis-G925 MC12 videoyadrosi zimmasiga yuklangan.

Mazkur konfiguratsiya MediaTek’ning yaqin orada taqdim etilishi kutilayotgan Dimensity 9500s chipsetiga mos keladi. MediaTek yangi protsessorni 15 yanvar kuni rasman e’lon qilishi kutilmoqda. Redmi esa undan ko‘p o‘tmay yangi modelini namoyish qilishi mumkin.
Redmi Turbo 5 Pro Max dizayni bo‘yicha ham ayrim tafsilotlar ma’lum bo‘lgan. Internetda tarqalgan renderlarga ko‘ra, smartfon orqa qismida gorizontal joylashgan ikki kamerali oval modulga ega. Old tomonda esa ingichka ramkalar va markazda joylashgan selfi kamerasi uchun teshik mavjud.
An’anaga ko‘ra, Turbo seriyasidagi smartfon Xitoy bozori bilan cheklanib qolmaydi. Xalqaro bozorda Redmi Turbo 5 Pro Max Poco brendi ostida, ehtimol Poco X8 seriyasi tarkibida taqdim etilishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Redmi Turbo 5 Max smartfoni qanday dizaynda chiqishi haqida yozgan edi.

