Rim shahrining markazida joylashgan o‘rta asrlarga oid Torre dei Conti minorasining bir qismi qulab tushdi. Oqibatda restavratsiya ishlarini olib borgan ishchi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Mahalliy vaqt bilan 23:00 da (GMT 22:00) qutqaruvchilar 12 soatdan ortiq vaqt davom etgan operatsiyadan so‘ng ishchini vayronalar orasidan chiqarib olishgan. Ammo u tez yordam mashinasida yuragi to‘xtab qolgan va shifokorlar uni qutqara olishmagan.

Marhum 60 yoshlar atrofidagi ruminiyalik Oktay Stroichi ekani ma’lum qilindi. U bilan birga ishlagan yana uch kishi vayronalar orasidan chiqarilgan. Ulardan biri og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
Rim yong‘in xavfsizligi xizmati Stroichini qutqarish jarayonini favqulodda muvaffaqiyat deb atagan edi. Qutqaruvchilar dronlardan va maxsus texnikalardan foydalangan.

U qutqaruvchilar bilan aloqa qilib, ular bilan gaplashib turgan. Hodisa joyida uning rafiqasi ham bo‘lgan. Stroichi qadimiy minorani saqlash ishlari bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan. Bu bino uzoq yillar davomida tashlab qo‘yilgan edi.
Rim prokuraturasi voqea yuzasidan tergov ishlarini boshlagan.
Qutqaruv ishlari davomida minoraning 29 metrli yuqori qismi yana qulab tushgan, natijada katta chang buluti hosil bo‘lgan. Bitta yong‘in o‘chiruvchi ko‘z jarohati bilan shifoxonaga yetkazilgan, qolganlar esa sog‘-omon ishni davom ettirgan.
Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni voqea davomida X (sobiq Twitter) orqali o‘z hamdardligini bildirib, fojia ijobiy yakun topishiga umid qilishini ma’lum qilgan.

