Rossiyaning Ulyanovsk viloyatida yo‘lovchi poyezdining bir nechta vagonlari relsdan chiqib ketdi. Bu haqda Rossiya temir yo‘llari xabar berdi.
Hodisa 3-aprel kuni ertalab mahalliy vaqt bilan 06:26 da Bryandino stansiyasi yaqinida sodir bo‘lgan. Chelyabinskdan Moskvaga yo‘l olgan 302-raqamli poyezdning yetti vagoni relsdan chiqqan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar yo‘q. Jabrlanganlar bor-yo‘qligi aniqlanmoqda. Hodisa sabab temir yo‘lning ushbu uchastkasida harakat vaqtincha to‘xtatilgan.
Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun maxsus poyezdlar Ulyanovsk, Bugulma, Sizran va Ruzaevkadan yuborilgan. Yo‘lovchilarni manziliga yetkazish uchun qo‘shimcha vagonlar ham jo‘natilmoqda. Voqea joyiga tergovchilar va tezkor xizmatlar yetib kelgan. Prokuratura hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan.
Qaynoq24.uz Ispaniyadagi poyezdlar to‘qnashuvi oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

