Rossiya Federatsiyasidan olib kelingan 2,3 kg narkotik moddalar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara bojxona postiga Qozog‘iston orqali kirib kelgan, Buxoro shahrida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Lada Largus” avtomobili ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida yukxona ichida bo‘lgan “Gazel” rusumli transport uchun mo‘ljallangan uzatmalar qutisi ichidan yashirilgan narkotik moddalar topilgan.
Qutilarda 5 dona o‘ramda umumiy vazni 2 kg 300 grammni tashkil etuvchi “Mefedron” sintetik giyohvand moddasi borligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi ehtiyot qismni Toshkent viloyatida kutib turgan, 2000-yilda Qashqadaryoda tug‘ilgan boshqa shaxsga yetkazib berishi kerak bo‘lgan. Tezkor choralar davom ettirilib, buyurtmani qabul qilgan paytda ikkinchi shaxs ham qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondorlarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Ohangaronda 9 yoshli qizni zo‘rlagan erkak 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida yozgan edi.

