Samarqandda 30-oktabrdan 14-noyabrgacha transport harakati vaqtincha cheklanadi. Bu choralar shahar mezbonlik qiladigan YUNESKOning 43-sessiyasi munosabati bilan joriy etildi, deb xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Tranzit transport vositalari uchun muqobil yo‘nalishlar belgilanadi. Haydovchilar uchun maxsus flayerlar tarqatilib, undagi QR-kod orqali mobil ilovada eng qulay aylanma yo‘lni tanlash imkoniyati yaratiladi.
Vazirlik haydovchilardan vaqtinchalik cheklovlarga rioya qilishni so‘radi. Shuningdek, fuqarolarga va turistlarga imkon qadar Samarqandga sayohatni boshqa sanalarga rejalashtirish tavsiya etildi.

