Samarqand viloyatining Jomboy tumanida noqonuniy dori savdosi bilan shug‘ullangan ikki fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, departament xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir davomida B.B. va S.X. ismli shaxslar fuqaro «M.X.»ga 100 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 300 AQSh dollari va 1,7 mln so‘mga sotayotgan paytda ushlangan. Dori vositalari dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ushbu holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

