Samsung Galaxy S25 Ultra — kompaniyaning eng kuchli flagmanlaridan biri bo‘lib, unda yangi texnologiyalar va zamonaviy imkoniyatlar jamlangan. Ammo sotuvga chiqqandan keyin foydalanuvchilar orasida ayrim kamchiliklar bo‘yicha noroziliklar paydo bo‘la boshladi. Asosan batareya ishlashi, zaryadlash tezligi, qizish, kamera sifati va One UI tizimining barqarorligi haqida tanqidlar ko‘p uchramoqda. Quyidagi maqolada Samsung Galaxy S25 Ultra smartfonining kamchiliklari haqida so‘z yuritiladi.

Batareya ishlashi
Galaxy S25 Ultra 5000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lsa-da, ba’zi foydalanuvchilar ushbu batareya bir kunlik yuklamaga to‘liq bardosh bermayotganini aytishmoqda. Ayrimlar telefon hatto ish kunining yarmiga yetmay quvvati tez kamayib ketishini bildirgan. Shuningdek, telefon kam ishlatilganda ham 5–6 soat ichida sezilarli darajada quvvat yo‘qotilayotgani qayd etilgan.
Samsungning “Adaptive Battery” funksiyasi vaqt o‘tishi bilan energiya sarfini optimallashtirishi aytiladi, biroq foydalanuvchilar premium flagman darajasida uzoqroq ishlashni kutishgan.

Zaryadlash tezligi
Samsung bir necha yildan beri ehtiyotkor siyosatni davom ettirib, flagmanlarda maksimal 45W zaryad tezligini taklif qilmoqda. Biroq bozorda 65W, 80W, 100W, hatto 120W quvvatni qo‘llab-quvvatlaydigan raqobatchilar borligini hisobga olsak, 45W hozirgi tendensiyalardan ancha past ko‘rinadi.
Qimmat narxiga qaramay, qutida zaryadlagich mavjud emas. To‘liq 45W tezlikni olish uchun foydalanuvchi alohida 45W adapter va maxsus 5A USB-C kabelini sotib olishi kerak.
Bu holat ko‘pchilikda norozilik uyg‘otgan, chunki arzonroq telefonlarning o‘zida ham zaryadlovchi moslamasi birga keladi.
Ilk haftadagi nosozliklar
S25 Ultra sotuvga chiqqan birinchi haftada foydalanuvchilar tomonidan juda muhim texnik muammo qayd etildi. Tez zaryadlash rejimida telefon goh quvvat olayotgani, goh uzilayotgani kuzatilgan. Ba’zilarda esa telefon umuman zaryad olmay qolgan.
Eng qizig‘i, muammo Samsung kompaniyasining o‘z original 45W quvvatlagichida ham kuzatilgan. Bu esa tizimning yuqori tezlikda zaryadlanishda barqaror ishlamayotganini ko‘rsatdi.
Samsung Italiya bo‘limi muammoni tan oldi va yangilanish orqali buni bartaraf etishni va’da qildi. Dastlabki OTA yangilanishi chiqdi, biroq har bir foydalanuvchida muammo to‘liq hal bo‘lgani hali tasdiqlanmagan.

Kamera sifati
Galaxy S25 Ultra zamonaviy kvad-kamera tizimi bilan ta’minlangan. Asosiy modulda 200 megapikselli katta sensor, 50 MP ultrakeng kamera, 3x optik zoomga ega 10 MP linza va 5x optik yaqinlashtirishni taklif qiluvchi 50 MP periskop kamera mavjud. Qog‘ozda bu juda kuchli majmua bo‘lib ko‘rinadi, ammo amaliyotda ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlangan.
Samsung tungi suratga olish imkoniyatlarini “Nightography” nomi ostida targ‘ib qilgan edi. Kompaniya shovqinni kamaytirish, harakatdagi obyektlarni aniqlash va suratni tiniq olish uchun sun’iy intellekt asosidagi yangi algoritmlar qo‘shilganini e’lon qildi. Biroq real sinovlarda bu tizim kutilganidek ishlamayotgani aniqlangan.
Past yorug‘likda avtomatik rejim ba’zida slutterni yetarlicha tezlashtirmaydi — natijada kechki surat yorug‘roq chiqqani bilan, harakat bo‘lsa xiralashgan yoki loyqa bo‘lib qoladi.

Qurilmaning harorati va termal boshqaruvi
Galaxy S25 Ultra eng yangi, yuqori quvvatli protsessor bilan jihozlangan. Regionga qarab unda Qualcomm Snapdragon 8 Elite yoki Samsung‘ning yangi avlod Exynos chipseti o‘rnatilgan. Bu chip avvalgi modellarga nisbatan taxminan 40% kuchliroq ishlash imkonini beradi. Shu bois telefonning tezkorligi va umumiy ishlashi chindan ham yuqori baholanmoqda.
Biroq kuchli chip ko‘pincha ko‘proq issiqlik hosil qiladi. Samsung buning oldini olish uchun S25 Ultra ichiga avvalgi modellarga qaraganda 40% kattaroq bug‘ kamerasi (vapor chamber) o‘rnatganini aytdi. Ammo amaliyotda bu kengaytirilgan sovutish tizimi ham ba’zi qurilmalarda yetarli darajada samarali bo‘lmayotgani kuzatilmoqda.

Oddiy foydalanishda ham qizib ketish holatlari
Foydalanuvchilarning bir qismi telefon kundalik vazifalarda — internetda sayr qilish, ijtimoiy tarmoqlar, YouTube videolari — vaqtida ham sezilarli darajada qiziyotganini aytishdi. Qalin g‘ilofda bo‘lsa ham issiqlik qo‘lga seziladigan darajada yuqori bo‘lgan holatlar ko‘p uchragan.
Internetda Galaxy S25 seriyasi sotuvga chiqqan ilk kunlardayoq “Telefon oddiy foydalanishda ham qizib ketmoqda, bu normalmi?” mazmunidagi postlar ko‘paydi. Ayrim foydalanuvchilar telefon zaryad olayotganda juda qizib ketishi, hatto “qo‘lni kuydirayotgandek” darajaga yetishi haqida yozishgan.
Yana bir shikoyatga ko‘ra, S25 Ultra’da bir necha daqiqa TikTok yoki Instagram ishlatilsa, qurilma tez qizib ketadi va batareya bir soatda 10–20% gacha kamayib qolishi mumkin. YouTube’da 10 daqiqalik video tomosha qilinganda ham telefon sezilarli issiqlik toppishi haqida xabarlar bor.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Vivo S50 Pro mini smartfoni qanday xususiyatlarga egaligi haqida yozgan edi.

