Samsung kompaniyasining yangi Galaxy S26 smartfonlari AQSh bozorida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yangi modelga oldindan buyurtmalar o‘tgan yilgi Galaxy S25 seriyasiga nisbatan qariyb 25 foizga ko‘paygan.
Statistikaga ko‘ra, eng katta talab Galaxy S26 Ultra modeliga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu model barcha buyurtmalarning taxminan 80 foizini tashkil etgan. AQShdagi yirik elektronika do‘konlari ham savdo hajmi oshganini qayd etdi. Masalan, Best Buy tarmog‘i Galaxy S26 uchun oldindan buyurtmalar soni o‘tgan yilgi modelga qaraganda ikki baravar ko‘payganini ma’lum qildi.
Mobil aloqa operatorlari ham yuqori talabni tasdiqlamoqda. Samsung ma’lumotiga ko‘ra, AQShdagi yirik operatorlar orqali rasmiylashtirilgan Galaxy S26 buyurtmalari 2025-yilgi telefonlarga nisbatan 70 foizdan ko‘proq oshgan. Qizig‘i shundaki, bu safar yangi smartfonlarga oldindan buyurtma bergan xaridorlar uchun aksiyalar ham kamroq bo‘lgan. Masalan, avvalgi modellardagi kabi bepul xotira hajmini oshirish aksiyasi taklif etilmagan.
Qaynoq24.uz Samsung 12 000 va 18 000 mA/soat batareyalarni sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.

