Samsung navbatdagi Galaxy Unpacked taqdimotini 25-fevral kuni o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Tadbir Samsung Galaxy S26 smartfonlar seriyasiga bag‘ishlanishi kutilmoqda. Bu haqda X’da ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, taqdimot odatdagi jadvaldan taxminan bir oy kechroq bo‘lib o‘tadi. Bu kompaniyaning smartfonlar strategiyasidagi so‘nggi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Avvalroq kompaniya Galaxy S25 Edge modeli orqali Plus versiyasidan voz kechishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq Edge modeli savdolari kutilgan natijani bermagani sabab, Samsung Plus versiyasini yana qatorga qaytargan.

Yangi avlod yana uchta modeldan iborat bo‘lishi kutilmoqda. Bular Galaxy S26, Galaxy S26 Plus va Galaxy S26 Ultra hisoblanadi.
Manbalarga ko‘ra, Galaxy S26 seriyasi, jumladan Ultra modeli, Galaxy S22’dan beri ilk bor Samsung‘ning o‘z protsessori bilan jihozlanadi. Gap Exynos 2600 chipi haqida ketmoqda. Shu bilan birga, ikki chipli strategiya saqlanib qoladi. Ayrim bozorlarda smartfonlar Qualcomm’ning yangi Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan taklif etiladi.
Qaynoq24.uz Galaxy S26 Ultra ekrani keskin yangilanishi haqida yozgan edi.

