Saudiyada badavlat chet elliklarga spirtli ichimlik xarid qilishga ruxsat berildi. Bu haqda Bloomberg manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Saudiya Arabistoni spirtli ichimliklar savdosiga qo‘yilgan cheklovlarni yanada yumshatdi. Endilikda musulmon bo‘lmagan xorijlik rezidentlar oylik daromadi 50 ming riyol (13,300 dollar) yoki undan yuqori bo‘lsa, maxsus do‘kondan spirtli ichimlik sotib olishlari mumkin.
Manbalarga ko‘ra, Riyozdagi yagona ruxsat etilgan do‘konga kirish uchun rezidentlar maosh to‘g‘risidagi hujjat taqdim etishi talab etiladi. Mazkur savdo nuqtasi avval faqat xorijiy diplomatlar uchun ochilgan edi, yaqinda esa musulmon bo‘lmagan “premium rezidensiya” egalari uchun ham kirish kengaytirildi. Hukumat bu borada hozircha rasmiy izoh bermagan.
Xaridlar ball tizimi asosida oy davomida belgilangan limit doirasida amalga oshiriladi. Bloombergning yozishicha, mamlakatning yana ikki shahrida yangi spirtli ichimliklar do‘konlari barpo etilmoqda.
Spirtli ichimliklarga doir talablarning yumshatilishi Saudiya Arabistonining kengroq ijtimoiy va iqtisodiy islohotlari bilan bog‘liq. Podshohlik o‘zini mintaqadagi biznes va investitsiyalar markaziga aylantirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etishni maqsad qilgan.
Qaynoq24.uz Saudiya Arabistoni haj va umraga yangi tibbiy talablarni joriy qilgani haqida yozgan edi.

