Shimoliy Koreya qisqa masofali ballistik raketalar uchirdi, ular 350 km masofani bosib o‘tgan

Foto: NPR
Mohinur Rajabova
1 Daqiqa o‘qish

22-oktabr ertalab Shimoliy Koreya armiyasi bir nechta qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiy shtabiga tayanib Reuters ma’lum qildi.

Raketalar Pxenyan yaqinidagi Xvanxe-Pukto viloyatidan shimoli-sharq yo‘nalishida, Yaponiya dengizi tomonga uchirilgan. Biroq Janubiy Koreya harbiylarining qayd etishicha, raketalar suvga emas, balki quruqlikka qulagan. Ular havoda taxminan 350 kilometr masofani bosib o‘tgan.

Foto: Reuetrs

Seulda prezident Li Jae Myon boshchiligida favqulodda xavfsizlik yig‘ilishi o‘tkazildi. Raketalar uchirilishi bo‘yicha AQSh va Yaponiya harbiylari bilan ham ma’lumot almashilmoqda. Yaponiyaning yangi bosh vaziri Sanae Takaichi mamlakat hududiga tahdid yo‘qligini aytgan.

Foto: BBC

Mutaxassislar bu safargi sinov yangi “Hvasong-11DA-4,5” turidagi taktik raketa bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu Shimoliy Koreyaning may oyidan beri birinchi, joriy yilda esa beshinchi raketa uchirish holatidir.

Mazkur hodisa Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik (APEC) sammiti arafasida yuz berdi. Keyingi hafta Gyonju shahrida o‘tadigan sammitda AQSh prezidenti Donald Tramp, Janubiy Koreya prezidenti Li Jae Myon va Xitoy rahbari Si Szinpin ishtirok etishi kutilmoqda.

Video: canal26 / You Tube

Tahlilchilarning fikricha, Shimoliy Koreya bu uchirish orqali xalqaro bosimlarga qaramay, o‘z harbiy salohiyatini namoyish qilmoqchi bo‘lgan. Bu esa mintaqadagi xavfsizlik muvozanatini yana bir bor keskinlashtirishi mumkin.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.