Sirdaryo, Andijon va Samarqandda bir nechta mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari fosh etildi. Hodisalarda soliq inspeksiyasi va davlat ijrochilari pora bilan ushlandi.
Sirdaryoda Soliq boshqarmasi bosh inspektori tumandagi MCHJda tekshiruv o‘tkazib, korxona 400 mln so‘m soliq qarziga ega ekanini aniqladi. Qonunchilik bo‘yicha bu holat ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi kerak edi. Biroq bosh inspektor shaxsan yordam berishini aytib, qarzni 90 mln so‘mgacha kamaytirib berishni va’da qildi. U shuning evaziga 1500 dollar olgan paytda DXX va prokuratura tomonidan ushlandi. Qarzni kamaytirishga doir dalolatnomani korxona rahbariga bergan vaqtda bosh inspektor ham qo‘lga olindi. Ular Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan qamoqqa olingan.
Andijonda esa Soliq boshqarmasi inspektori Ulug‘nor tumanida quyosh panellari bilan shug‘ullanuvchi MCHJni tekshirdi. Korxona manzilda ishlamayotgani va hisobotda nomutanosibliklar borligi aniqlandi. Inspektor dalolatnoma rasmiylashtirib, korxonaning bank hisob raqamiga cheklov qo‘ydi. U o‘z vakolatidan foydalangan holda, kamchiliklarni rasmiylashtirmaslik va taqiqlarni olib tashlash evaziga 500 dollar talab qildi. U 6 mln so‘m ekvivalentidagi pulni qarindoshlari kartalariga o‘tkazib olgan paytda qo‘lga olindi. Unga nisbatan 210-modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi tanlandi.
Samarqandda esa MIBning shahar bo‘limi davlat ijrochisi moddiy manfaat evaziga ijro hujjatini bekor qilishni va’da qildi. Bank foydasiga undirilishi belgilangan 117 mln 804 ming so‘mlik qarzni sud tizimidagi tanishlari orqali to‘xtatib qo‘yishini aytdi. U davlat boji va transportga qo‘yilgan taqiqlarni ham bekor qilib berishini bildirgan. Evaziga 500 dollar talab qildi. Pulni tanishi orqali olayotganda u ham dalillar bilan ushlandi. Unga Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi va 28,211-moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Mazkur holatlar yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Kо‘kdala tumanida iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqaruvchi yashirin sex aniqlangani haqida yozgan edi.

