Qirol Charlz III qarori bilan qirollik unvonlaridan mahrum etilgan Endryu Mountbatten-Vindsor navbatdagi muhim imtiyozini yo‘qotdi. Bu haqda Daily Mirror xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, huquq-tartibot organlari sobiq shahzodaning qurol saqlash litsenziyasini bekor qilgan. Natijada Endryu ov qurollaridan mustaqil foydalanish huquqidan mahrum bo‘lgan. Uning yaqinlari bu qarorni jiddiy zarba sifatida baholamoqda.
Manbalarga ko‘ra, Endryu britan aristokratiyasi orasida an’anaviy ov tadbirlarining doimiy ishtirokchisi bo‘lgan. Endilikda u bunday ovlarga qatnasha olmaydi. U quroldan faqat litsenziyaga ega shaxslar hamrohligida va qat’iy shartlar asosida foydalanishi mumkin.
Avvalroq qirol Charlz III Endryuni Vindzordagi Royal Lodge qarorgohidan ko‘chirishga qaror qilgan edi. Kelasi yilda u Sandringem mulkidagi kichikroq kottejga ko‘chib o‘tishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, 19-dekabr kuni Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha yangi hujjatlar e’lon qilingan. Ularda 2019-yilda vafot etgan moliyachining yuqori martabali shaxslar, jumladan Endryu bilan aloqalarini yorituvchi minglab suratlar mavjud.
Sobiq shahzoda uzoq yillar davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari bilan bog‘liq mojarolar markazida bo‘lib kelgan. Eng shov-shuvli ish amerikalik Virjiniya Roberts-Juffre bayonotlari bilan bog‘liq edi. Shu bosimlar ortidan Endryu gersoglik unvonidan foydalanmaslikka va’da bergan, keyinchalik Bukingem saroyi uning barcha unvonlari bekor qilinishini rasman e’lon qilgan.
Qaynoq24.uz britan shahzodasining unvonlaridan mahrum qilingani haqida yozgan edi.

