Surxondaryoda va Farg‘onada yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro K.M. qo‘lga olindi. U Jarqurg‘on tumanidagi “Guliston” MFY hududida joylashgan davlat zaxirasidagi 70 sotix yer maydonini fuqaro Sh.A.ga 170 mln so‘mga sotishni va hujjatlarni go‘yoki kadastr bo‘limida ishlovchi tanishi orqali rasmiylashtirib berishni aytgan. Pulni olayotgan vaqtida u ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda fuqaro A.A. qo‘lga olingan. U o‘ziga ajratilgan, dehqon xo‘jaligiga mo‘ljallangan jami 15 sotix sug‘oriladigan yer maydonining toifasini 22 500 AQSh dollari evaziga fuqaro U.O.ning nomiga turar-joy sifatida o‘zgartirib berishni va’da qilgan. Kelishilgan puldan 12 000 AQSh dollarini olayotganda u ham ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Namanganda 1,4 mlrd so‘mlik qalbaki dori vositalari savdosining oldi olingani haqida yozgan edi.

