O‘zbekistonda tadbirkorlarning ma’muriy xarajatlari 90 mlrd so‘mgacha kamaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. Prezidentning “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–214-son farmoni qabul qilindi.
Farmon asosida tadbirkorlarning davlat organlari bilan o‘zaro ishlashda esa 15 kungacha vaqt tejalishi belgilangan.
2026-yil 1-yanvardan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etiladi. Bu tizim tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida bir vaqtning o‘zida bir nechta xizmatni taqdim etishni nazarda tutadi.
Ular elektron raqamli imzo kalitini olish, bank hisobvaraqlarini ochish uchun ariza topshirish kabi xizmatlardan iborat bo‘ladi. Ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya va ruxsatnoma olish uchun ariza yoki xabarnoma yuborish soddalashtiriladi. Shuningdek, ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish, QQS to‘lovchisi guvohnomasini olish, online nazorat-kassa mashinalarini xarid qilish va ularni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish, yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi”da hisobga qo‘yish kabi xizmatlarni o‘z ichiga oladi.
Farmonga ko‘ra, tadbirkor ushbu xizmatlardan faqat o‘ziga keraklarini tanlab, ixtiyoriy ravishda foydalanadi. Tanlangan xizmatlar bo‘yicha to‘lovni yagona QR-kod orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
2026-yil 1-yanvardan yana bir qator qulayliklar kuchga kiradi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga endi firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi. Shuningdek, tadbirkorning birlamchi ma’lumotlarida o‘zgarish bo‘lsa, ushbu o‘zgarishlar YATT guvohnomasiga, litsenziya va ruxsatnomalarga avtomatik ravishda bepul kiritiladi.
2026-yil 1-martdan esa litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanganda ularning mansabdor shaxslari alohida ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi. Bundan tashqari, “Litsenziya” axborot tizimida hujjatlarni olish bo‘yicha dastlabki ixtiyoriy baholash xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tartiblar tadbirkorlar uchun byurokratik jarayonlarni sezilarli darajada kamaytirib, biznes boshlashni yana-da osonlashtiradi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri “Davlat auditi” dasturidan foydalanish tartibi tasdiqlangani haqida yozgan edi.

