ASEAN tashqi ishlar vazirlarining Tailand va Kambodja o‘rtasidagi mojaro masalasiga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilishi 22 dekabr kuni Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sinhua agentligi xabar bermoqda. Uchrashuv mintaqada keskinlikni kamaytirish va harbiy harakatlarni to‘xtatishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
Malayziya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, mazkur yig‘ilish ASEAN doirasida vaziyatni keskinlashuvdan chiqarish, to‘qnashuvlarni to‘xtatish hamda mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘llarini muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilgan.
Yig‘ilishga raislik qilgan Malayziya tashqi ishlar vaziri Muhammad Hasan o‘z nutqida ASEAN hozirgi paytda murakkab mintaqaviy va global vaziyat sharoitida muhim sinov oldida turganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, geosiyosiy beqarorliklar mintaqaning barqarorlik asoslariga jiddiy tahdid solmoqda.
Vazir ASEAN tinchlikparvar va muvaffaqiyatli mintaqaviy tashkilot sifatidagi nufuzini saqlab qolish muhimligini qayd etdi. Shuningdek, u o‘zaro chambarchas bog‘langan mintaqada har qanday xavfsizlik inqirozi nafaqat ASEAN davlatlari, balki butun dunyo uchun tashvishli masala ekanini aytdi.
Muhammad Hasanning ta’kidlashicha, Tailand va Kambodja o‘rtasidagi mojaroda harbiy harakatlarni to‘xtatish va muammoni tinch yo‘l bilan hal etish eng ustuvor vazifa bo‘lishi lozim.
Qaynoq24.uz Tailand Kambodja bilan tinchlik kelishuvini to‘xtatgani haqida yozgan edi.

