Tanzaniyada saylov tartibsizliklaridan keyin kamida 240 kishi davlatga xiyonatlikda ayblandi

Dodoma shahri / Foto: Tanzania Blog
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Tanzaniyada o‘tgan saylovdan keyin yuzaga kelgan tartibsizliklar ortidan kamida 240 kishi davlatga xiyonatlikda ayblandi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Sud jarayoni Dar es Salam shahridagi iqtisodiy sudda boshlandi.

Prezident Samia Suluhu Hasan 98 foiz ovoz bilan g‘olib deb e’lon qilindi. Ammo asosiy muxolifat saylovda qatnasha olmadi. Muxolifat saylovni haqiqiy raqobat bo‘lmagan jarayon deb atagan. Saylovdan keyingi norozilik namoyishlarida yuzlab odamlar halok bo‘lgani haqida turli manbalar xabar bermoqda. Rasmiylar esa zo‘ravonlik miqyosini kamaytirib ko‘rsatmoqda.

Foto: Reuetrs

Qo‘lga olinganlar sudga olib borilgan. Ulardan hech biri aybiga munosabat bildirishga chaqirilmadi. BBC ko‘rgan ayblov varag‘iga ko‘ra, ular namoyishlarni qo‘zg‘atib, saylov jarayonini to‘sishga uringanlikda ayblanmoqda. Tanzaniya qonunchiligiga ko‘ra, davlatga xiyonat aybi bo‘yicha o‘lim jazosi ham qo‘llanishi mumkin. Amalda esa bunday hukmlar ko‘pincha umrbod qamoqqa almashtiriladi.

Foto: BSS

Ayblanuvchilar orasida mashhur tadbirkor Jenifer Jovin ham bor. U norozilarni ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan himoyalanish uchun gaz niqoblari xarid qilishga undaganlikda ayblanmoqda. Shuningdek, bir necha ijtimoiy tarmoq blogerlariga ham ayblov qo‘yildi. Keyingi sud yig‘ilishi 19-noyabrga belgilandi.

Prezident Samia inauguratsiya marosimida zo‘ravonliklarni keskin tanqid qildi. Tartibsizliklarda xorijliklarni aybladi. Bu bayonotdan so‘ng Tanzaniyada istiqomat qilayotgan ko‘plab keniyaliklar o‘z xavfsizligidan xavotir bildirmoqda. Kenya Tashqi ishlar vaziri Musaliya Mudavadi hamkasbiga murojaat qilgan. U fuqarolarining huquqlari va xavfsizligi ta’minlanishini so‘ragan.

Foto: African Percentions

So‘nggi kunlarda ayrim keniyaliklarning o‘ldirilgani, yaralanganlari yoki hibsga olingani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Dar es Salamdagi shifokorlar esa norozilikda halok bo‘lganlarning jasadlari maxsus xizmat mashinalari orqali olib ketilayotganini bildirgan.

Kenya Tashqi ishlar vazirligi Tanzaniyada muammoga duch kelgan fuqarolar ro‘yxatini to‘plashni boshladi. Xabarlar fonida xususiy maktablarda ishlaydigan ko‘plab keniyaliklar Tanzaniyani tark etayotgani aytilmoqda.

Foto: TRT World

Saylovni kuzatgan xalqaro ekspertlar jarayon demokratik standartlarga mos kelmaganini bildirgan. Hukumat esa saylov erkin va shaffof o‘tganini ta’kidlamoqda. Prezident Samia asosiy raqiblar hibsga olingan yoki saylovdan chetlatilgan sharoitda deyarli raqobatsiz g‘olib bo‘ldi.

Qaynoq24.uz nashri AQSh Senati eng uzoq davom etgan hukumat bloklanishini tugatish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.