2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda tashkilotlar xodimlarida mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha 462,5 mlrd so‘mlik qarzdorlik mavjud. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 124 521 ta tashkilotda ishlovchi 457 609 nafar xodimda jami 520 213 ta soliq obyekti bo‘yicha 462,5 mlrd so‘m to‘lanmagan soliq qarzdorligi aniqlangan. Shundan 295,7 mlrd so‘mi yer solig‘i, 166,8 mlrd so‘mi mol-mulk solig‘i hisoblanadi.
Qarzdorlikning 97,7 mlrd so‘mi budjet tashkilotlari xodimlariga to‘g‘ri keladi. Nodavlat-notijorat tashkilotlari xodimlarida bu ko‘rsatkich 18,8 mlrd so‘mni tashkil etgan. Eng katta ulush esa tijorat tashkilotlari xodimlari hissasiga to‘g‘ri kelib, 346 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.
Tijorat tashkilotlari xodimlarining eng yirik soliq qarzdorligi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasida qayd etilgan. Ushbu sohada 86,2 mlrd so‘mlik qarz mavjud. Qurilish sohasida 58 mlrd so‘m, savdo yo‘nalishida 53,9 mlrd so‘m, sanoat tarmog‘ida esa 71,4 mlrd so‘mlik soliq qarzi aniqlangan. Qolgan tarmoqlarda qarzdorlik miqdori nisbatan kamroq bo‘lsa-da, umumiy summaga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xodimlari eng ko‘p mol-mulk va yer solig‘i to‘lashi lozim bo‘lgan tashkilotlar orasida “Temiryo‘llarinfratuzilma” AJ 2,1 mlrd so‘m bilan birinchi o‘rinda turibdi. Undan keyingi o‘rinlarda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ — 1,9 mlrd so‘m va “Hududgazta’minot” AJ — 1,8 mlrd so‘m bilan qayd etilgan.
Qaynoq24.uz Farrux Pulatov va Sherzod Kudbiyev yangi lavozimlarga tayinlangani haqida yozgan edi.

