Texasda Meksika harbiy-dengiz kuchlariga tegishli samolyot halokatga uchradi

Foto: AP
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Texas shtatining Galveston shahri yaqinida Meksika harbiy-dengiz kuchlariga tegishli samolyot halokatga uchradi. Hodisa oqibatida kamida besh kishi halok bo‘lgan. Samolyot tibbiy missiya doirasida og‘ir kuyish jarohati olgan bolani tashiyotgan bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa dushanba kuni kuchli tuman sharoitida sodir bo‘lgan. Flight Radar ma’lumotida samolyot oxirgi bor mahalliy vaqt bilan soat 15:01 da Galveston qo‘ltig‘i ustida, Scholes xalqaro aeroporti yaqinida qayd etilgan.

Samolyot Michou y Mau Foundation nomidan amalga oshirilayotgan tibbiy parvozda ishtirok etgan. Ushbu jamg‘arma og‘ir kuyish jarohati olgan meksikalik bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Mexico Secretariat of the Navy ma’lumotiga ko‘ra, halokat oqibatida bir kishi bedarak yo‘qolgan, yana ikki kishi tirik holda qutqarib olingan. Qidiruv-qutqaruv ishlari AQSh Sohil qo‘riqlash xizmati bilan hamkorlikda olib borilgan.

Associated Press tarqatgan videolarda samolyot qoldiqlari suv ostida ekani, ko‘ngillilar va politsiya xodimlari suvga tushib, parchalarni qidirayotgani aks etgan. Mahalliy yaxta kapitani Sky Dekerning aytishicha, u voqea joyiga ikki nafar politsiya xodimini olib borgan va suv ostida qolib ketgan, og‘ir ahvoldagi ayolni topgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchining nafas olishi uchun atigi bir necha santimetr havo qolgan, suv esa yoqilg‘i bilan aralashib ketgan bo‘lgan. Ayol hayoti uchun kurashayotgan holatda qutqarilgan.

Galveston yaqinida olingan videolarda qalin tuman ichida g‘avvoslar ishtirokida olib borilgan qutqaruv ishlari ko‘rinadi. Michou y Mau Foundation ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida halok bo‘lganlar oilalariga chuqur hamdardlik bildirdi. Hodisa sabablari hozirda rasmiylar tomonidan o‘rganilmoqda.

Qaynoq24.uz Laosdagi Mekong daryosida kema halokati yuz bergani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.