Toshkent nufuzli Condé Nast Traveler sayyohlik jurnali tomonidan e’lon qilingan “2026-yilda Osiyoda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar” ro‘yxatiga kiritildi.
Jurnalning ta’kidlashicha, Toshkent tobora Markaziy Osiyoning madaniy turizm markaziga aylanmoqda. Yangi ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Zamonaviy san’at markazi shaharga tarixiy va zamonaviy ruhni uyg‘un tarzda qo‘shib, uning jozibadorligini yanada oshirgan.

Condé Nast Traveler sayyohlik jurnali haqida
Condé Nast Traveler — dunyoning eng nufuzli sayyohlik jurnallaridan biri. U 1987-yilda AQShda Condé Nast media kompaniyasi tomonidan asos solingan. Jurnal xalqaro sayohat, mehmonxonalar, aviakompaniyalar, gastronomiya va madaniy tajribalar bo‘yicha keng qamrovli sharhlar e’lon qiladi.
Nashrning o‘ziga xos jihati — “Truth in Travel” tamoyilidir. Mazkur qoida bo‘yicha jurnal mualliflari safarlar uchun pul to‘laydi va homiylikdan foydalanmaydi. Bu jurnalda beriladigan baholar va tavsiyalar mustaqil bo‘lishini ta’minlaydi.
Condé Nast Traveler har yili Readers’ Choice Awards mukofotini o‘tkazadi. Unda o‘quvchilar eng yaxshi shaharlar, kurortlar, mehmonxonalar, aviakompaniyalar va orollarga ovoz beradi. Rejtinglar global sayyohlik sohasida katta ta’sirga ega.
Bugungi kunda jurnalning AQSh va Buyuk Britaniya tahririyatlari faoliyat yuritadi. Uning onlayn platformasi ham millionlab o‘quvchilarga ega bo‘lib, eng ishonchli sayohat manbalardan biri hisoblanadi.
Qaynoq24.uz nashri O‘zbekistonlik sayyohlar soni bir yilda 26,8 foizga oshgani haqida yozgan edi.

