11-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan zamonaviy yangi futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha xalqaro talablariga to‘liq javob beradi.

“Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etiladi hamda Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi”, – dedi prezident.
Marosim davomida Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekiston futbolida erishilgan yutuqlarni ham eslab o‘tdi. Jumladan, terma jamoaning jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani va xorij klublarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilarning umumiy transfer qiymati $60 mln dan oshgani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda O‘zbekistonda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan futbol maydonlari soni 10 tadan oshgan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri 2034-yilgi Jahon chempionati o‘yinlari Saudiya Arabistonidagi osmondagi stadionda o‘tkazilishi haqida yozgan edi.

